Namuna 3

ADABIY – IJODIY INSHO
Mavzu: Uvaysiy lirikasida ayol ruhiy kechinmalarining talqini

I. Kirish. O‘zbek mumtoz she’riyatida Uvaysiyning tutgan o‘rni.
II. Asosiy qism:
a. Uvaysiy she’riyati – u yashab o‘tgan zahmatli umrning mungli va otashin aks-sadolari haqidagi dilnoma.
b. “Anor” chistonining badiiy tasvir tarovati va unda ayol ruhiy kechinmalari talqini.
c. Shoira nazdidagi sitam – diyda, xassos va samimiy lirik qahramon qiyofasi.
III. Xulosa. Haqqa, haqiqatga tashna yashagan shoiraning abadiy siymosi dillarda mangu qolgusidir.
                                                                             Mehnat-u alamlarga mubtalo Uvaysiyman,
                                                                             Qayda dard eli bo‘lsa oshno Uvaysiyman.
                                                                                                                       (Uvaysiy)
Bugun men qalamga oladigan buyuk ijodkorlardan biri yirik o‘zbek mumtoz shoirasi Jahon otin Uvaysiydir. Har bir ijodkor taxallusining o‘z ma’nosi bor. Taxallus bu shunchaki bir so‘z yoki ismgina emas, balki adibning ijoddan ko‘zlagan maqsadini yo‘lini belgilovchi timsol, ajdodlari, Vatani oldidagi mas’uliyatga ishora qilivchi hikmatli so‘zdir. Shu o‘rinda nega shoira o‘ziga “Uvaysiy” taxallusini tanlagani haqida savol tug‘iladi.
O‘tmishda Uvays Qoraniy ismli inson yashab o‘tgan va uning payg‘ambarimizga bo‘lgan muhabbati bugungi kungacha tillarda doston bo‘lib kelmoqda. U payg‘ambarimizni ko‘rmagan va unga g‘oyibona muhabbat qo‘ygan. Hamda uning kelishini intizorlik, ko‘zda yosh bilan kutgan. Ya’ni g‘oyibona nazar – ko‘rish ilinji “Uvaysiylik” yo‘li paydo bo‘lgan. Ehtimol, shoira Uvaysiy ham o‘z taxallusini qaysidir bir buyuk zotga bo‘lgan go‘yibona uvaysiylik munosabati tufayli tanlagandir. Bundan shuni aniq sezish mumkinki, Uvaysiy “ilohiy ishq” mavzusiga alohida yondashgan. Shoiraning hayot yo‘li turli zahmatli kunlar, ayriliq, sog‘inch dardlariga to‘la kechgan. Bu uning ijodiy faoliyatiga ta’sir qilmay qolmagan, albatta. Uvaysiy mumtoz ruboiyotning barcha asosoy turlari – musaddas, musamman, masnaviy, ruboiy, tuyuq, qit’a, murabba va mustazod kabi ko‘plab janrlarda keng ijod qilgan. Bu Uvaysiy sermahsul shoira bo‘lganligidan dalolat beradi. Uvaysiy sheriyatining mavzu doirasi keng. Uning g‘azallarida ishq-muhabbat, yor-u diyor, visol va hijron, ona va farzand, dunyo va ilohiyot haqidagi rang-barang mavzularni mutolaa etish mumkin. Bundan anglashiladiki, o‘zbek mumtoz she’riyatida Uvaysiyning tutgan o‘rni alohida ahamiyat kasb etadi.
Uvaysiy she’riyatidagi fikr-g‘oyalar, timsol-u ifodalar u yashab o‘tgan zahmatli umrning mungli va otashin aks-sadolariday yangraydi. Ular muayyan hayotiy asoslarga ega. Xususan, Uvaysiy barcha yaqinlari – turmush o‘rtog‘i, o‘g‘li Muhammadxon, qizi Quyoshxondan ayrildi. Bu dunyoda yolg‘iz qoldi. Shuning uchun Uvaysiyning umri g‘am-g‘ussadan, azob-uqubatdan, ayriliq va yolg‘izlikdan faryod-u fig‘on bilan o‘tdi. Shuning uchun uning har bir satri nolavor ruh kasb etdi. Shoira butun umri mobaynida vujudi, ruhini, mehnati, san’atini farzandlar-u shogirdlar tarbiyasiga, ma’naviyat va ma’rifat ravnaqiga baxshida etdi. Go‘yoki shamdek atrof-muhitni ravshanlashtirish, jamiyat istiqbolini munavvar etish maqsadida o‘z yog‘iga o‘zi qovrulib yondi. U shunday beminnat xizmat bilan o‘zini fido etdiki, go‘yo sham ham o‘z vujudini yoqib qurbon etishni undan o‘rgandi. Uning “Uvaysiyman” nomli g‘azali shoira shaxsiyati, zamon, ijtimoiy muhit munosabatlarini keng tasvirlovchi asardir. G‘azalning dastlabki misralaridayoq lirik qahramon zamondoshlariga hamdard, maslakdosh inson ekanligi ko‘zga tashlanadi:
Mehnat-u alamlarga mubtalo Uvaysiyman,
Qayda dard eli bo‘lsa oshno Uvaysiyman.
Mashaqqat, ranj-u alamlarga mubtalolik Uvaysiyga tole bo‘ldi. Shuning uchun u qayerda dard chekadigan xaloyiq bo‘lsa, uni o‘ziga oshno hisobladi. Uvaysiyning dil dardlari mufassal tasvirlangan asarlardan biri “Sog‘indim” radifli g‘azalidir. Ushbu g‘azal mazmun aniqligi, uslub ravonligi va hayotiy asosga egaligi bilan mashhurdir. Quyidagi satrlar fikrimizning yorqin isbotidir:
Bugun, ey do‘stlar, farzandi jonimni sog‘indim,
Gado bo‘lsam, ne ayb, ul shohi davronimni sog‘indim.
Darvoqe, ayol uchun eng muqaddas narsa – onalik baxti. Onalik – Olloh tomonidan berilgan ilohiy tuyg‘u. Tangri taolo o‘zidagi eng birlamchi xislatlardan biri – yaratuvchanlikni onalarda mujassam etgan. Uvaysiy she’riyatining jozibali xususiyatlaridan biri shuki, unda onalik tuyg‘ulari jo‘sh urib turadi. Yuqorida keltirilgan “Sog‘indim” g‘azalidan keltirilgan misralar aynan onaning sog‘inchlarini aks ettirgan dilnoma. Mushtipar shoiraning tog‘day tayanchi, o‘g‘li Muhammadxon Qoshg‘ar urushiga yuborilib, shu bilan dom-daraksiz ketgan. Bu ham zolim hukumdorning tazyiqi ostida amalga oshirildi. Lekin bu bedodlikning barisidan Muhammadxonning sog‘inch dardi oshib tushardi. Sitamdiyda ona “Gado bo‘lsam, ne ayb” – deya muhtojlik mashaqqatlarini pisand etmas, “shohi davroni”, “farzandi jononi”ni diydori orzusidan taskin topardi. Shoiraning tilidagi zikri, dilidagi fikri qaytib kelib dardlarga darmon bo‘lguvchi farzandi arjumandi edi. Shuncha xor-zorliklarga qaramay, shoira Qo‘qonni uzoq vaqt tark etmaganligining boisi ham farzand diydoriga umidvorlik edi. Demak, yuqoridagi g‘azal shoira tarjimayi holining bir parchasini aks ettiruvchi tarixiy-badiiy dilnomadir.
Ma’lumki, mumtoz adabiyotimizda badiiy tasvir nishoni, vositalari, usul va san’atlari, timsollari ijodkorning qaysi jinsga mansubligidan qat’i nazar, bir xil bo‘lgan. Shuning uchun ayol va erkak ijodkorlarimizning she’rlari bir-biridan yaqqol ajralib turmaydi. Lekin shoiralarimizning nazmi badiiyatida faqat ayollargagina xos ba’zi xususiyatlar mavjud. Masalan, shoiraning mashhur “Anor” chistoni ayollarning ruhiy kechinmalari aks etgan ajoyib asardir. Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, Uvaysiy chiston janrida barakali ijod qilgan.
O‘zbek adabiyoti tarixida anorning salmoqdor ijtimoiy mazmun bilan yo‘g‘irilgan ilk hayratomuz talqinini otashqalb shoira Uvaysiy ijodida ko‘ramiz. Uvaysiy va uning zamondoshlari qismati shoira anor to‘g‘risida manzara she’r yaratish bilan cheklanishiga imkon bermas edi. Uvaysiy qalbida har bir narsa tabiiy ravishda dard, alam bilan quyiladi. Shu boisdan, uning anor haqidagi mashhur chistoni obrazli va purma’no yaratildi.
Ul na gumbazdur: eshigi tuynugidin yo‘q nishon,
Necha gulgunpo‘sh qizlar manzil aylabdur makon,
Sindurib gumbazni, qizlar holidan olsam xabar,
Yuzlarida parda tortig‘liq tururlar bag‘ri qon.
Oddiy meva timsolida butun boshli zamona, ijtimoiy muhit va zamondoshlar dardini tasavvur qilish va uni shundayin ixcham she’rda ifodalay olish ulkan salohiyat va jur’atdan dalolat beradi. U anorning shaklini gumbaz, anor donalarini gulgunpo‘sh qizlar, anor donalari ustidagi nozik pardani o‘tmish o‘zbek xotin- qizlari yuzidagi yopinchiq, anor donalalari qontalashligini xotin-qizlar yurak- bag‘riqonligi kabi obrazli ifodalarda ramziylashtiradi. Anor shoira nigohida xotin-qizlarni asriy tengsizlik va tutqunlik iskanjasida saqlagan mubham gumbazga aylanadi. Bunday muhitning fe’li tor-u, sathi keng, bu gumbazga sig‘magan shoira uni anorning ushoqqina jussasiga sig‘diradi. Anorning shaffof donalari Uvaysiy xayotida zamonning gulgunpo‘sh ayollarini gavdalantiradi. Shoira shuni ham tuyadiki, bu nochor qizlarni yorug‘ dunyoga chiqarish, ularning dardlariga malham qo‘yish, hech bo‘lmasa, hol-ahvolidan ogoh bo‘lishning hech bir imkoni yo‘q. Chunki bu gumbazning na eshigi, na tuynugi bor. “Yuzlirida parda tortig‘liq”, bag‘ri qon bu qizlar holiga chora topishning birdan-bir yo‘li jaholat gumbazini sindiririshdir. Shoira bu bilan o‘zi va zamondoshlarining norozilik hamda intiqom tuyg‘ularini, feodal muhit gumbazi sindirishga, yemirilishga mahkum ekanligini ifodalashga erishgan. To‘rt misraning bag‘riga jo bo‘lgan butun boshli zamona dardi, ayol ruhiy kechinmalarining talqin etilishi chistonning badiiy tarovatini yanada oshiradi. Shu bilan birga ikki bayt bag‘riga olam-olam ma’no singdirgan Uvaysiyning mahoratli shoira ekanligini yana bir bor isbotlaydi.
Shoiraning nazm olamida sitamdiyda, xassos, samimiy lirik qahramoni sizga hamroh bo‘ladi. Odatda, ma’shuqaning zulfi oshiqning oyoq-qo‘llariga kishan soluvchi vosita sifatida vasf etilardi. Uvaysiy she’rlarida bu timsol boshqacha mazmun kasb etgan:
Zulfim bila band ayladi poyim bila dastim,
Qalb anta mamotig‘a kamon ayladi jallod.
Manzara maroqli: jallod shoira – lirik qahramonning oyoq-qo‘llarini uning o‘z zulfi bilan bog‘lab, kamon yasaydi. Demak, bunday tasviriy vositalar ayol kishining ishqdagi ahvoli, ruhiyatini ifodalashga qaratilgan. Uvaysiy nazmida ayol muhabbati, ayol sevinchi-u iztiroblari, ayol zaifligi va nazokati, ayollarcha nafosat bilan tasvirlangan. Shuni unutmaslik kerakki, Uvaysiy she’riyatida ilohiy muhabbat tasviri, tasavvufiy ramz-u timsollarga keng o‘rin berilgan. Uvaysiy muhabbatnomasining asosiy tasvir nishoni yor, ya’ni Tangri taolodir. Shoira lirik qahramoni faqat uning ijodi, fikri bilan yashaydi. Chunki tasavvuf maslagidagi oshiq Haq yodini tark etsa, ishq yo‘lidan adashib ketadi. Demak, Uvaysiy g‘azallarida ilohiy ishqni ham kuylagan.
Shoiraning “Ko‘ngil dog‘ o‘ldi” radifli g‘azalidagi mana bu misralariga e’tibor bering:
Turubdur bag‘rim ichra qon misoli g‘uncha, naylarman,
Ochilmay gul sifat ushbu ko‘ngul dog‘ o‘ldi, dog‘ o‘ldi.
Misralar qanchalik dardli un chekmasin, muallifning ijtimoiy nuqtayi nazari fikr-g‘oyalari keskin, qat’iyatli tus olmaydi. Bu shoira sheriyatining o‘ziga xosligidir. Aytaylik, Navoiy yoki Mashrab yuqoridagidek dardli, alamli baytlar bilan she’r boshlaganida, g‘azal so‘ngiga kelib, o‘tkir ijtimoiy g‘oyalar izhor etar, keskin xulosa umumlashmalar chiqarar edi. Uvaysiy esa iltijoli dil izhorlaridan nariga o‘tmaydi. Ayollarcha nazokat, hayo, andisha ijtimoiy jangavorlikka yo‘l qo‘ymaydi. Uvaysiyning jamiyatidagi mavqeyi ham uni “zori bor-u , zo‘ri yo‘q” bir ahvolda saqlardi. Shuning uchun g‘azalning lirik qahramoni ijtimoiy kurashchi qiyofasini kasb eta olmaydi, balki himoyasiz, ojiz bir ayol sifatida qoladi.
Xullas, g‘azallardan anglashiladiki, shoiraning ijtimoiy qarashlari orzu-armonlari bilan zamon o‘rtasida katta muvofiqlik bor edi. Bunday asarlar Uvaysiyning ijtimoiy muhiti va zamonasi manzaralarini, mazlum xalq ommasining dard-u hasratlarini teran aks ettirishi bilan qimmatlidir. Butun umrining har bir daqiqasini yaxshilik qilish uchun sarflagan Uvaysiyning hayot yo‘li barchamizga birdek ibrat maktabini o‘taydi. Zero, Haqqa, haqiqatga tashna yashagan shoiraning abadiy siymosi dillarda mangu qolgusidir!…

Mengliyeva Huriniso,
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent
davlat o‘zbek tili va adabiyoti
universiteti talabasi