O’z savodxonlik darajangizni sinab ko’rmoqchimisiz? Marhamat! «Diktant.uz» aksiyasida ishtirok eting.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti tashabbusi bilan o‘zbek tilining ijtimoiy mavqeini yanada mustahkamlash va ommaviy savodxonlikni targ‘ib etish maqsadida “Diktant.uz” aksiyasi tashkil etilmoqda. Bu boradagi ishlarni samarali yo‘lga qo‘yish maqsadida maxsus ishchi guruh tuzilib, chora-tadbirlar ishlab chiqildi.

Aksiya joriy yilning 28-may kuni Alisher Navoiy nomidagi ToshDO‘TAUda o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Aksiyada ishtirok etishni istaganlar www.diktant.uz saytida ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.

Mazkur aksiyaning o‘tkazilishi bilan bog‘liq barcha yangiliklarni diktant.uz va ToshDO‘TAUning rasmiy veb-sayti (www.navoiy-uni.uz)dan topishingiz mumkin.

Loyiha haqida

Diktant.uz loyihasi – aholi, ayniqsa yoshlar orasida yozma savodxonlik madaniyatini keng targ‘ib qilish, o‘zbek tiliga bo‘lgan hurmat va qiziqishni yanada oshirish uning ijtimoiy mavqeini mustahkamlash, hamda o‘zbek tili ta’limini takomillashtirishga qaratilgan ta’limiy aksiya hisoblanadi. Mazkur aksiyada ishtirok etish yoshi chegaralanmagan bo‘lib, unda o‘zbek tilida yozishni biladigan barcha xohlovchilar diktant yozish yo‘li orqali imlo savodxonligi bo‘yicha o‘z bilimlarini tekshirib ko‘rish imkoniyatiga ega bo‘ladilar.

Diktant.uz aksiyasida o‘zbek tili bo‘yicha yozma savodxonliklarini sinamoqchi bo‘lgan barcha xohlovchilar ishtirok etishlari mumkin.

Diktantni baholash mezonlari

Diktant lotin yoki kirill yozuvi asosidagi o‘zbek alifbosida yozilishi mumkin.

Diktantni yozishda xatoga yo‘l qo‘yilsa, ehtiyotkorlik bilan xato ustidan chiziq chizib, uning tepasiga to‘g‘ri variantni yozish mumkin.

Diktant 5 ballik tizimda baholanadi:

-“5” baho – matn husnixat bilan yozilgan, imlo xatolarsiz, yoki 3 tagacha imloviy, 3 tagacha ishoraviy xatolar bo‘lsa;

-“4” baho – matn husnixat bilan yozilgan, imlo xatolar soni 4 tagacha, ishoraviy xatolar 4 tagacha bo‘lsa;

-“3” baho – matn alifbo me’yorlariga rioya qilgan holda yozilgan, imlo xatolar soni 5 tagacha, ishoraviy xatolar 5 tagacha bo‘lsa;

-“2” baho – matn alifbo me’yorlariga rioya qilgan holda yozilmagan, imlo xatolar soni 7 tagacha, ishoraviy xatolar 7 tagacha bo‘lsa;

Imlo xatolar soni 8 va undan ortiq bo‘lganda diktant baholanmaydi yoki 0 qo‘yiladi.

Izoh: Aksiyada faol ishtirok etib, savodxonlikda yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lgan va a’lo baholangan ishtirokchilar maxsus sertifikat bilan taqdirlanadilar.