Namuna 1

Islom Karimovning O‘zbekiston xalqi ma’naviy qadriyatlari, milliy g‘ururi hamda qadr-qimmati, tarixi va madaniyatini qayta tiklashdagi o‘rni

  Reja:

  1. Islom Karimovda buyuk shaxs timsoli.
  2. O‘zbekiston – mustaqillik sari.
  3. Milliy qadriyatlarimizning tiklanishi.
  4. Ulug‘lar yodi mangu barhayot!

Tushunmayman: yurakka sig‘masmi dunyo,

Dunyolarga sig‘masmi yo bilmam yurak.

Borliging his etmasa, agar boshqalar

Unda ayting, yashamoq ne uchun kerak?

                           (o‘z ijodimdan)

   Hayot qiziq, yashash ajoyib. Har bir inson tug‘ilgach, unga hayot atalmish oliy ne’mat, yashashdek go‘zal baxt ato etiladi. Bu ne’matdan qanday foydalanish har bir insonning faqat o‘ziga bog‘liqdir. Shunday insonlar borki, har lahza ularning borligi uchun shukrona aytsang arziydi. Yana shundaylar borki, balki ular dunyoga kelmaganida yaxshiroq bo‘larmidi, deb o‘ylab qolasan kishi. Kimlarnidir har on yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqib yashaymiz. Kimlarnidir esa borligini ham sezmaymiz, hatto. Biz bilgan, qadrlagan odamlar ham ikki xil bo‘ladi: ba’zilarini yo‘qotganda shunchaki kuchli og‘riq, chuqur qayg‘uni his etamiz; ba’zilarini yo‘qotganda esa dunyoyimizdan ayrilganday bo‘lamiz, faqat shu ondagina sezamiz ular yuragimizga qanchalar chuqur kirib qolganini. Biz, butun  o‘zbeklar mana shunday og‘ir judolikni boshdan o‘tkazdik. Suyanib turgan tog‘imiz qulab tushdi. Yurt Islom Ka-rimovdek fidoyi o‘g‘lonidan, xalq mehribon otasidan judo bo‘ldi…

 Har kim o‘z ismi, o‘z taqdiri bilan tug‘iladi deyishadi. Insonning ismi uning yarim taqdirini belgilar ekan. Faqat shu ismni to‘g‘ri tanlay bilish ota-onaga bog‘liq, xolos. Yana insonning tug‘Ilishi ham uning taqdiriga ishoradir. 1938-yil. Ayovsiz qatag‘on davri. Ziyolilar, mo‘min-musulmonlar quvg‘inga olingan, o‘zbeklar og‘ir kunlarni boshidan o‘tkazayotgan, barcha faqat Xudodan madad kutayotgan bir paytda Islom Karimovning tug‘ilishi o‘zbeklarning Ollohga yetgan nolalari mevasi emasmidi?! Masjid va madrasalar vayron qilinayotgan, din ta’qib ostiga olingan ushbu damda Sanobar va Abdug‘ani Karimovlar dunyoga kelgan farzandlariga Islom deb ism qo‘yishlari ular tomonidan ko‘rsatilgan katta jasorat edi, shu bilan birga, bu chaqaloqning muqaddas kelajagiga bir bashoratdek bo‘lgan bo‘lsa ajab emas. O‘sha kuni ushbu xonadonda yangragan chaqaloq yig‘isida o‘zbek xalqining umidi, uning jajji ko‘zlarida xalqimizning shonli kelajagi aks etgan bo‘lsa ne ajab. Hamma buyuk shaxslar og‘ir vaziyatda dunyoga keladi va ular Xudo tomonidan insonlarga yuborilgan najot sifatida bu yer yuzini ko‘radilar.  Islom Karimov ham mana shunday najot farishtasi edi o‘zbek xalqi uchun. Ha! Bu zotning dunyoga kelishi bizga Yaratganning katta marhamati edi.

Bilamizki, bola tarbiyasiga ta’sir ko‘rsatadigan eng katta omil bu muhitdir. Bola qancha ko‘p qiyinchilik ko‘rsa, shuncha ko‘zi ochilib boraveradi, dunyoqarashi o‘zgarib boradi. Islom Karimovning ham bolalik yillari urush davriga to‘g‘ri keldi. Qolaversa, u tug‘ilgan oila og‘ir mehnat bilan tirikchilik qilardi. Shu bois bo‘lsa kerak, Islom Karimov bolaligidanoq mehnatning va bir burda nonning qadrini yaxshi his etdi. Bizga ko‘plab tarixiy manbaalardan ma’lumki, xalqimiz eng og‘ir kunlarda ham o‘zining inoqligi, mehmondo‘stligi va bag‘rikengligi bilan dunyoni lol qoldira oldi. Islom Karimov ham mana shunday xalq orasida voyaga yetar ekan, o‘z xalqiga bo‘lgan cheksiz hurmat, o‘zgacha bir muhabbat uning qalbiga jo bo‘lib borardi. Ma’lum bo‘lishicha, ushbu zot bolaligidayoq o‘z qat’iyati, aql-zakovati va o‘tkir xotirasi bilan atrofidagilaridan ajralib turgan. Uning harakatlarida mas’uliyat, nigohlarida o‘tkir shijoat aks etib turar ekan. U maktabni oltin medall bilan tamomlab, katta hayot sari dadil qadam tashlay boshladi. Dastlab, Toshkent davlat politexnika universiteti, so‘ng, Toshkent davlat xalq xo‘jaligi institutida tahsil oldi. Chkalov nomidagi Toshkent aviatsiya ishlab chiqarish sanoati korxonasida usta yordamchisi vazifasidan yetakchi injener lavozimigacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tadi. U yorqin aql-zakovati, hamma narsani mantiqqa bo‘ysundira olishi bilan odamlarning e’tiboriga tusha boshlaydi. 1966-yilda Davlat Planida faoliyat yuritadi. O‘zidagi yuksak tafakkur Islom Karimovni oddiy mutaxassisdan rahbarlik lavozimlari sari yetaklaydi. U 1983-yilda moliya vaziri,  1986-yil Davlat Plani raisi va shu vaqtning  o‘zida hukumat raisining o‘rinbosari lavozimlariga loyiq ko‘rildi. Ana endi u rahbarlar qatorida turar ekan, faqat xalq dardi bilan yashay boshladi. Chuqur mulohaza yuritib ko‘rgach, Islom Karimov O‘zbekistonning iqtisodiy muammolari to‘g‘risida Markazga jiddiy tahliliy ma’lumot taqdim etdi. Uning bu harakatlari, albatta, markaz manfaatlariga zid edi. Shuning uchun ham endi Islom Karimovning bu yerda qolishini xavfli deb hisobladilar va zudlik bilan uni respublikaning enq qoloq hududi bo‘lgan Qashqadaryo viloyatining birinchi kotibi etib tayinladilar. Ungacha bo‘lgan rahbarlar “paxta ishi” deb atalmish siyosat qurboniga aylangan edilar. Dehqonlar paxtani xalqning milliy boyligi, Yaratganning bebaho ne’mati deb bilardilar. Ammo mana shu ne’mat xalqimizning eng katta og‘rig‘iga aylangan edi. Islom Karimov uch yil Qashqadaryo viloyatida faoliyat yuritdi, xalqning mehr-muhabbatini qozondi. Xalq bilan birgalikda kurashdi va viloyatni og‘ir iqtisodiy tanglikdan olib chiqa oldi. Uning o‘z oldiga qo‘ygan eng katta maqsadi – odamlarda yaxshi kunlarga umid uyg‘otish va shu kunlarga xalqni olib chiqish edi.

1989-yilda Islom Karimov O‘zbekiston SSRning 1-sekretari etib saylandi. O‘zbekiston xalqi endi Islom Karimov boshchiligida buyuk maqsadlar sari olg‘a qadam bosardi. Mana shunday katta qadamlardan biri shu yili o‘zbek tilimizga davlat tili maqomining berilishi bo‘ldi. Islom Karimov o‘zining “O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” kitobida shunday yozadi: “O‘z ona tilini bilmagan odam o‘zining shajarasini, o‘zining ildizini bilmaydigan, kelajagi yo‘q odam, kishi tilini bilmaydigan uning dilini ham bilmaydi deb juda to‘g‘ri aytishadi”. Til – millat ko‘zgusi. Har bir millatning taraqqiyotida uning tili katta ahamiyat kasb etadi. Islom Karimov shuni yaxshi anglagan holda mustaqillik sari intilishni avvalo tilimizga e’tibordan boshladi. Bu, albatta, o‘z davrida katta jasorat edi. xalq manfaatlarini asosiy maqsadiga aylantirgan rahbarga o‘z xalqiga bo‘lgan muhabbati va xalqining unga bo‘lgan ishonchi kuch berar ekan. Ma’rifatparvar ajdodlarimizdan biri bo‘lgan Cho‘lpon ham o‘z she’rlaridan birida: “Butun kuchni xalq ichidan olaylik, Quchoq ochib xalq ichiga boraylik” – deganda aynan shuni nazarda tutgan bo‘lsa ajab emas.

Shuningdek, ushbu yilda Farg‘ona viloyatida buzg‘unchi kuchlar tomonidan katta tartibsizliklar boshlanadi va tez fursatda avjiga chiqib ketadi. Islom Karimov bir narsani chuqur anglab yetgan edi: biz bundan buyon eskicha yashay olmaymiz va bunday yashashga endi zamonning o‘zi ham yo‘l qo‘ymaydi. 25-iyun kuni Islom Karimov janjal, to‘polonlar alangasi ichida qolib ketgan Farg‘onaga yo‘l oldi. O‘zidagi buyuk jasorat, ulug‘vor bir qat’iyatni yana bir bor namoyish etdi. Lovullab yonayotgan uylar, yuragi g‘azabga, ko‘zlari qonga to‘lgan olamonning ichiga hech qo‘rqmay kirib bordi. Ular bilan chin dildan, ochiq gaplashdi. Shu vaqtgacha hech kim eshitmagan bu insonlarning yuragidagi alamlarga u o‘zining samimiy, chuqur mulohazali fikrlari bilan malham qo‘ygandek bo‘ldi. Ularning qalblarida so‘ngan umid uchqunlarini yana uyg‘otdi. U O‘zbekistonni mustaqillikka tinch yo‘l bilan, qon to‘kmasdan turib olib chiqishni ko‘zladi va bunga erishdi ham. 1990-yil 24-mart kuni O‘zbekistonda respublika prezidenti lavozimi joriy etildi. Bu buyuklik sari qo‘yilgan yana bir katta qadam va katta ma’naviy jasorat edi. O‘zbekiston shiddat bilan mustaqillik sari intildi. Ha! Shunday bo‘ldi. Ne-ne kunlarni boshidan o‘tkazgan bu zamin, o‘zining yuksak matonati bilan dunyoni lol qoldirgan o‘zbek xalqi, O‘zbekiston diyori mustaqillikka erishdi. Ilk bor mustaqillik e’lon qilinar ekan, xalqimizning ko‘pchilik sodda odamlari bu so‘zning ma’nosini ham hali anglab yetishmagan edi. Faqat bir narsani butun xalqimiz yaxshi anglardi: bu so‘z zamirida g‘oyat ulug‘vor maqsadlar, buyuk kelajak yotar edi. Xalqimiz Islom Karimovga to‘la ishondi, ergashdi. Islom Karimovning har bir nutqi, chuqur mazmunga ega da’vatlari xalqimizga katta kuch, ishonch va shijoat bag‘ishlar edi hamda eng muhimi, ularni faqat olg‘a borishga undardi.

Muhtaram birinchi yurtboshimiz Islom Karimov bir narsani ko‘p ta’kidlar edilar: “Agar kimdir qaysidir xalqni yo‘qotmoqchi bo‘lsa, avvalo, uning ma’naviyatini sindirishga urinadi”. Bizda ham shunday bo‘ldi. Tariximizni unutdirishga, milliy qadriyatlarimizni yo‘q qilishga, an’analarimizni poymol qilishga urinishdi. Eng nodir durdonalarimizni, ma’naviy boyligimizni bizdan yashirishdi. Birgina misol sifatida Amir Temur bobomizni olsak. Shunday sohibqiron ajdodimizni bizga ko‘p yillar qora qilib ko‘rsatib kelishdi. Xalqimizning eng sara ijodi bo‘lgan, tariximizni, madaniyatimizni o‘ziga jo qilgan “Alpomish”dek dostonimizni ham ko‘plab asarlar qatori millatchilik ruhida yozilgan doston deya, yo‘q qilishga urinishdi. Milliy bayramlarimizning birontasini nishonlashga yo‘l qo‘yishmadi. Sumalaklar pishirilgan qozonlarni ko‘rishsa, ag‘darib tashlashdi. Eng muqaddas kitobimiz bo‘lgan “Qur’on”ni uyda saqlashga yo‘l qo‘yishmadi. Barcha diniy kitoblar yo‘q qilindi. Xalqni uyg‘otishga uringan ma’rifatparvar ziyolilarni quvg‘in qilishdi, tuxmat bilan qatl etishdi. Lekin Islom Karimov aytganlaridek, eng buyuk jasorat – ma’naviy jasorat. Xalqimiz shunday jasorat ko‘rsatdi. U o‘z ma’naviyati, qadriyatlarini unutmadi, o‘zligini yo‘qotmadi. Mustaqillikka erishganimizdan so‘ng yurtboshimiz Islom Karimov ilk yillardanoq ma’naviy qadriyatlarimizni tiklashga, haqiqiy boy tariximizni xalqimizga tanitishga astoydil bel bog‘ladilar. 1991-yil ilk bor bizning faxrimizga aylangan buyuk ajdodimiz, adabiyot olamining eng yorqin siymosi, g‘azal mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 550 yilligi misli ko‘rilmagan darajada keng miqyosda nishonlandi. Nafaqat o‘zbek xalqi, balki, butun dunyo ushbu kunni ilk bor o‘zgacha bir shukuh bilan qarshi oldi. Shu yildan e’tiboran har yili barcha buyuk ajdodlarimizning tavalludlari respublika miqyosida katta tayyorgarliklar bilan qarshi olina boshlandi. Bu milliy qadriyatlarimiz tiklanishida qo‘yilgan eng katta qadam edi. Xalq manfaatlaridan kelib chiqqan holda har bir yilga rahbarimiz tomonlaridan alohida nom berila boshlandi. Islom Karimov o‘zining “Yuksak ma’naviyat – yengilmas kuch” asarida ko‘plab tarixiy shaxslarimizning jasorati haqida gapira turib, shunday fikrni keltirib o‘tadi: “O‘z tarixini bilmaydigan, kechagi kunini unutgan millatning kelajagi yo‘q”.  Bu asarda ko‘plab milliy durdonalarimiz haqida so‘z yuritar ekanlar, “Alpomish” dostoniga berilgan ushbu ta’rif sira yodimdan chiqmaydi va nazarimda birgina jumla bilan bu dostonning butun mohiyatini ochib bera olganlar: “Agarki, xalqimizning qadimiy shonli tarixi tuganmas bir doston bo‘lsa, “Alpomish” ana shu dostonning shoh baytidir”. Mustaqillikdan so‘ng birma-bir o‘z davlat ramzlarimiz: bayrog‘imiz, gerbimiz, madhiyamizga va konstitutsiyamizga ega bo‘ldik. Barcha soha birma-bir rivoj topdi. Islom Karimov bizning eng og‘riqli nuqtamiz ta’lim tizimi deya, bu sohaga alohida e’tibor qaratdi. “Endi eskilik sarqitidan voz kechishimiz kerak. Bizga endi yangicha kadrlar tayyorlash milliy dasturi zarur. Biz shunday dastur ustida ko‘p yil ishladik” – deya yozib o‘tgan edilar o‘zlarining “O‘zbekiston mustaqillikka erishish ostonasida” asarlarida. 1997-yil ushbu dastur “Ta’lim to‘g‘risidagi” qonun bilan bir vaqtda qabul qilingani bizga yaxshi ma’lum. Mustaqillik yillarida milliy valyutamiz – so‘m muomalaga kirdi. Tuhmat ostida qatag‘on qilinganlar nomi oqlandi. 2000-yilda poytaxtimizning Yunusobod tumanida qatag‘on yillarida xalqimizning minglab farzandlari nom-nishonsiz ko‘mib tashlangan jarlik o‘rnida Shahidlar xotirasi xiyoboni tashkil etildi. 31-avgust yurtimizda Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni sifatida qarshi olinadigan bo‘ldi. Har yili shu kun tongida bu maskanda osh tortilib, Qur’on tilovat qilish, davlat va hukumat rahbarlari bu yerga kelib marhumlar xotirasiga hurmat bajo keltirish o‘ziga xos bir an’anaga aylanib qoldi. Ma’lumki, sobiq SSSR davrida 9-may G‘alaba kuni sifatida keng nishonlanar edi. Mustaqillikdan so‘ng biz bu kunni “Xotira va qadrlash kuni” sifatida yod oladigan bo‘ldik. Shu munosabat bilan xalqimiz tarixini o‘ziga jo etgan milliy yodgorliklarimiz o‘rnatildi. Xotira maydoni tashkil etilib, Motamsaro ona haykali bu maydondan joy oldi. II jahon urushida halok bo‘lganlar haqidagi ma’lumotlarni o‘zida jamlagan, zarhal harflar bilan bitilgan “Xotira” kitobi nashr etildi va shu maydonning to‘ridan joy oldi. Sekin-asta joylarda ko‘plab buyuk ajdodlarimizning haykallari qad rostladi, yodi abadiylashtirildi. Ko‘plab muzeylar barpo etildi. 1996-yil respublikamizda “Amir Temur yili” deb e’lon qilindi. Birma-bir Toshkentda, so‘ng Shahrisabzda buyuk ajdodimizga haykal o‘rnatildi. Toshkentda  Amir Temur va temuriylar  davlat muzeyi ochildi. Yurtimizda tobora yangi inshootlar, baland qavatli binolar, ta’lim muassasalari, ko‘ngilochar bog‘lar, ko‘priklar, san’at markazlari barpo etildi. San’at, madaniyat yana rivojlandi. Tez fursatda, juda tez sur’atda O‘zbekiston qayta ko‘rk ochdi, taraqqiy etdi va etmoqda. YUNESKO ro‘yxatiga necha minglab yodgorliklarimiz kiritildi. Butun dunyo O‘zbekiston diyorini tanidi, oqil rahbarimizga tan berdi. Biz qisqa fursatda katta yo‘lni bosib o‘tdik. Ha! Bugun biz hech kimdan kam bo‘lmagan, erkin va ozod xalqmiz. Bizning yurtimizga Ollohning nazari tushgan. Negaki, diyorimiz jannatmakon, suvimiz obihayotdir. Xalqimizning sabrini Yaratgan egam ko‘p yillar sinadi. Uning irodasi asrlar davomida toblandi. Biroq bu mashaqqatlarning buyuk mevasi o‘laroq Ollohimning inoyati bilan Islom Karimov bizni eng yaxshi kunlarga, tinch va osoyishta hayotga olib chiqa oldi.

Hayot bir oq qog‘ozga o‘xshaydi. Umr esa bir siyohdir. Tug‘ilganimizda bizga pok bir hayot beriladi. Uni biz o‘z umrimiz bilan bezaymiz. Yaxshi siyoh tiniq yozadi. Agar, siyoh yomon bo‘lsa, u qog‘ozni rasvo  qiladi, o‘zidan bir qancha dog‘lar qoldiradi. Yozishdan oldin siyohni o‘zimiz tanlaganimizday, yashashdan oldin umr yo‘limizni ham o‘zimiz tanlaymiz. Yozib bo‘lgachgina, xatolarimizni ko‘rganimiz kabi, umrimizning ham oxirlaridagina kamchiliklarimiz ko‘zimizga ko‘rina boshlaydi. O‘z umr yo‘llarini yaxshi bosib o‘tish hammaga ham emas. yaxshi insonlar ko‘p, lekin ulug‘ insonlar juda kam dunyoga keladi. Islom Karimovni ham men hech ikkilanmay ayta olamanki, yurtimiz tarixida shonli yo‘lni bosib o‘tgan ikkinchi sohibqiron edi. Ha! Biz shunday zotni yo‘qotdik. Islom Karimovdan bizga meros bo‘lib farovon hayot qoldi. Yaxshi rahbar ham Yaratganning tuxfasi, uning marhamati. Yusuf Xos Hojib o‘zining “Qutadg‘u bilig” asarida shunday degan edi: “Agar, arslon itlarga bosh bo‘lsa, itlar arslonga aylanadi. Agar, it arslonlarga bosh bo‘lsa, unda arslonlar it kabi bo‘lib qoladilar”. Bu haqiqatni biz tarix misolida ko‘p ko‘rdik. Yaxshi rahbarga ergashgan xalq gullab yashnaydi. Yomon rahbarning kasofati esa, xalqni halokatga giriftor qiladi. Biz gullab-yashnayotgan mustaqil yurtda yuksak qadr topgan hur xalqmiz. Chunki Tangrim bizga donishmand rahbarlarni ato etdi. Ulardan keyingi yurtboshimiz Shavkat Mirziyoyevning ham olib borayotgan oqilona siyosatlari zamirida yotgan xalq manfaatlarini ko‘rar ekanmiz, bir narsaga amin bo‘lamiz: hali bizlarni oldinda bundan-da buyuk kelajak kutmoqda!

Islom Karimov xalqimiz uchun juda ko‘p ishlar qildi. Uning har bir harakatlari negizida faqat inson manfaatlari, uning huquqlari yotar edi. “Islohot – islohot uchun emas, avvalo, inson uchun”, – deya ta’kidlab charchamadilar. Islom Karimov umrlarining oxirigacha ulug‘vor orzularga to‘lib yashadilar. Men mana shunday orzular zamirida eng so‘nggi urunishlaridan biri o‘laroq vujudga kelgan va vafotlarining ilk kunlarida o‘z faoliyatini boshlagan Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining ilk talabalaridan biri ekanimni o‘ylar ekanman, bir narsani chuqur his etamanki, bu bizga nafaqat iftixor, balki, katta mas’uliyat ham yuklaydi. Chunki biz ularning eng so‘nggi harakatlari mevasimiz, umrlarining oxirida bino bo‘lgan universitetning talabalarimiz. Bu universitetning ochilishi tilimizga bo‘lgan katta e’tibor nishonasi va shu bilan birga men kabi adabiyot shaydolari uchun yaratib berilgan katta imkoniyat bo‘ldi. Har kun shu universitetga borar ekanman, ich-ichimdan ularga minnatdorchilik bildiraman. Ularning kulib boqishlari, “Farzandlarimiz bizdan ko‘ra aqlliroq, bilimliroq va albatta, baxtliroq bo‘lishlari shart!” – deya bizga bo‘lgan ishonchlarini qayta-qayta baralla izhor qilishlari hamon ko‘z o‘ngimda, qulog‘im ostida jaranglayveradi. Ulug‘lar o‘lmaydi, ular qilgan ishlarida mangu qoladi, abadiy yashaydilar. Ular mangulikka daxldor va ularni unutishni ham hech kim istamaydi. Umr qisqa, hayot murakkab. Yaxshi-yomon hayot ham, insonlar ham bo‘lmaydi. Yaxshi va yomon amallar bo‘ladi. Mana shu amallar bilan bizni farqlashadi. Yaxshilikka olib boruvchi yo‘l juda uzun va murakkab. Biroq u mavjud. Men tobora ko‘rk ochib borayotgan shu jannatmakon diyorning bir erka va erkin farzandi sifatida shuni ayta olamanki, tinchlik eng katta boylik, mustaqillik eng oliy ne’matdir. Mana shunday boylikni bizga tuhfa etgan muhtaram birinchi yurtboshimiz Islom Abdug‘aniyevich Karimovning ohiratlari obod bo‘lsin!

Alisher Navoiy Nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti o‘zbek tili va adabiyotini  o‘qitish fakulteti II–bosqich talabasi Karimova Durdona