Namuna 4

ABDULLA ORIPOV SHE’RLARIDA FIKRIY TERANLIK VA POETIK MUKAMMALLIK
Reja:
I. Kirish. Tuyg‘ularni qurib qolishdan asray olgan she’riyat.

II. Asosiy qism:
a. O‘zligimga ko‘zgu bo‘lgan “O‘zbekiston”.
b. Muhabbat kamalagida jilva topgan quyma satrlar.
c. Tasvirdagi mukammallik ta’sirdagi o‘ziga xoslik garovidir.
III. Xulosa. Ko‘ngillarni tarbiya topdirgan she’rlar qalblarda mangu qolajak.

                                                     Uning toza, yuksak, samimiy hech kim-u hech narsadan                                                            hayiqmaydigan ovozi birdan O‘zbekistonni larzaga soldi.                                                            Abdulla Oripovning har bir satri, har bir she’ri bilan adabiyot                                                       o‘zbek adabiyotiga qayta boshladi.
(Usmon Azim)

O‘zbek she’riyatining go‘zal bo‘stoni… Unda ajib navolar qilib insonlar ko‘nglidan o‘rin topgan, yuraklarga ko‘milgan “bulbullar” ko‘p. Lekin mana shu bo‘stonni xushbo‘y gullar, ajoyib san’at asarlari bilan boyitgan, o‘z yo‘li, o‘z ovoziga ega bo‘lgan “bulbul” borki, mana shu bo‘stonning gullab-yashnashini uning ovozisiz tasavvur qilish mushkul. Aynan uning lirikasi orqali o‘zbek she’riyatiga ko‘ngil dardlarining suvratlarini ruhiy iztiroblar manzarasi, armonga aylangan orzular inson sezimlarida qoldirgan izlar tasviri kirib keldi. Bu misralar insonlar ko‘z qorachiqlarini o‘z qalblariga qaratdi. Aynan shuning uchun ham bu she’rlar barcha uchun sevimli, barcha ulardan o‘zini topadi. “Qushcha” tasviridan boshlab qog‘ozga ko‘chgan tuyg‘ular “Mitti yulduz”da yulduzday charaqladi, “Ko‘zlarim yo‘lingda”da yo‘llarga to‘kildi, “Onajon”da bola bo‘lib erkalandi, “Ruhim”da tug‘yon urdi, “O‘zbekiston”da, “Qasida”da madh etildi, “Xotirot”da yod etildi, “Yurtim shamoli”da qalblar sari mayin epkinlar sochdi, “Jannatga yo‘l”da jannat sari olib boruvchi yo‘l bo‘ldi, “Hayrat”da hayratlarga sabab bo‘ldi, “Hakim va ajal”ni tasvirladi, “Najot qal’asi”da najot berdi, “Yillar armoni”da aks etdi, “Haj daftari”da muqaddas bitiklar bilan bitildi, “Saylanma”da esa eng yaxshilar safida tanlab olindi. Abdulla Oripov haqida so‘z borganda, o‘tgan asrning 60-70-yillarida shoir she’riyati o‘zbek millatini tuyg‘ularning qurib qolishidan saqlab qolgan, deb fikr bildirishadi. Shuning uchun ham shoirni o‘zbek she’riyatida o‘z davrini yaratgan ijodkor, deyish mumkin. Chunki chinakam iste’dodgina davrning to‘siqlari, cheklovlarini yengib o‘ta oladi. Har qanday zamon va har qanday sharoitda ham asl iste’dod davridan marhamat kutmaydi, balki unga o‘z ta’sirini o‘tkazadi. Davr panjaralaridan omon o‘tgan bu she’riyat o‘zidagi beadad samimiyat, tuyg‘ularning chinligi bilan ko‘ngillarni asir etadi, eng inja tuyg‘ularga ta’sir etadi va o‘zidagi falsafiyona ruh bilan hayotga rang, ma’no olib kiradi.
Abdulla Oripovning qoliplarga sig‘magan tuyg‘ulari aks etgan, badiiy mahoratining cho‘qqisi sifatida “O‘zbekiston” qasidasini e’tirof etish mumkin. Shoirlar vatan tugul boshqa mavzularga qimtinib qo‘l urayotgan zamonda “O‘zbekiston – Vatanim manim” deya hayqirib aytilgan, barcha o‘zbeklarning qalb so‘zi sifatida shoir qalamidan sochilgan bu satrlarni bitish uchun ulkan yurak, katta jasorat kerak edi. Ana shunday jasorat sohibi Abdulla Oripov o‘zbek deb atalmish buyuk xalqning buyuk kechmishi va go‘zal kelajagiga ko‘zgu tutadi. Bu shunday ko‘zgu ediki, xalqni “Uyg‘on. Kimlarning avlodi eding-u kim bo‘lishing kerak” ruhlantirishga qodir edi. Mana shu ruh ifodasi jarayonida ham bir qancha tasvir vositalari yordamida hosil qilingan ma’no nozikliklarini ko‘rishimiz mumkin:
Shoirlar bor o‘z yurtin butun-
Olam aro atagan tanho.
Ular she’ri uchdi ko‘p yiroq,
Qanotida kumush diyori
Bir o‘lka bor dunyoda, biroq
Bitilmagan dostondir bori.
O‘z yurtini dunyoga tanho, ajoyib makon, deya ta’riflaydigan shoirlarning ta’rifi butun jahonni tutmoqda. Lekin ta’rifi qog‘ozga tushirilsa, dostonlarga sig‘maydigan xalqimizning tarixi haqida yetarlicha so‘z yo‘q. O‘quvchini o‘ylantirib qo‘ygan keyingi baytda shoir javob bergandek bo‘ladi:
Faqat ojiz qalamim manim,
O‘zbekiston – Vatanim manim.
Yana bir o‘yga toldiradigan holat yuzaga keladi. “Nega qalam ojiz?” degan savol tug‘iladi. Bunda ikki xil ma’noni tushunish mumkin: birinchisi – so‘zga tushirishga shoirning qodir emasligi, qalami ojizlik qilishi; ikkinchisi – doston bo‘lishga arzigulik tarix borligi, lekin kimdir yoki nimadir sabab bu tarixni bitishning imkoni yo‘qligi. Aynan shunday o‘rinlar o‘quvchini chuqur o‘yga toldirib qo‘yadi.
Misralar davomida Amir Temur, Beruniy, Mirzo Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Oybek, G‘afur G‘ulom, Hamid Olimjon, Habib Abdulla kabi ajdodlarga munosib avlod, ularning munosib izdoshi bo‘lishga chorlar ekan, shoir “dunyoni aql bilan egallashga”, “dengiz ortlarini yoritishga”, “osmonning toqlariga ilm narvonlarini qo‘yishga”, dunyoni, qalblarni so‘z bilan olishga, Vatanni madh etuvchi yangi-yangi dostonlar yozishga, milliy g‘ururimizni dunyoga yoyishga, ochilmagan qo‘riqlarni ochishga undaydi. O‘rnida ishlatilgan tasvir vositalari ma’nolarning mukammal tarzda amalga oshishini ta’minlaydi:
Besh asrkim, nazmiy saroyni
Titratadi zanjirband bir sher.
Temur tig‘i yetmagan joyni
Qalam bilan oldi Alisher.
Ushbu misrada shoir qurol, kuch yetolmaydigan narsalarga so‘z yetishi mumkinligini, kuch bilan olib bo‘lmaydigan ko‘ngillarni ijod bilan asir etish mumkinligini go‘zal tashbehlar asosida izohlaydi. Bundan tashqari, shoir har bir baytda vatan farzandlari tasvirlangan o‘rinlarda ular vatan uchun qilgan xizmatlar, jasorat va mahoratlarini tasvirlar ekan, ular vatan deya olg‘a surgan davrda vatan ular bilan birga, ularga yor bo‘lganini: Jaloliddin mingan samanda kuch-quvvat bo‘lganini, Sobir Rahimning Dansigda oqqan qonida aks etganini, Hamid Olimjon sururida jo bo‘lganini, farzandlari qon ichganda ularga qo‘shilib ichganini har bir satrning ruhidan sezib olish qiyin emas. She’rning boshidan oxirigacha hukm surgan yorug‘ ruh ham o‘zbeklarga xos yorqin xarakterni ko‘rsatadi. Qasida ham yorug‘ kelajak, yorug‘ peshona va boqiy tinchlikka ishonch bilan yakunlanishi bejiz emas:
Asrlarning silsilasida
Boqiy turgay koshonang sening.
Hur xalqlarning oilasida
Mangu yorug‘ peshonang sening.
Mangu yorug‘ maskanim manim
O‘zbekiston – Vatanim manim.
Abdulla Oripov ijodiga nazar solar ekanmiz, sevgi-muhabbat mavzusidagi lirikaning ham o‘ziga xos namunalarini ko‘rishimiz mumkin. Sevgi mavzusi barcha shoirlar uchun muvaffaqiyatli mavzu, lekin Abdulla Oripov she’rlarida sevgi mavzusi o‘zining cho‘qqisiga ko‘tarilgan. “Yorilmagan yaraday sevgi”, – deb yozadi shoir. O‘ta mavhum tuyg‘uni bundan ortiq tasvirlash mumkin emas, topilgan o‘xshatish esa diqqatga sazovordir. Shoir ko‘z oldiga keltirish mushkul, ifodalash undan og‘ir bo‘lgan bunday sezimlarni, mavhum tuyg‘ularni tuyumli qilib chizish borasida mahoratli ekanligiga yana bir bora amin bo‘lish mumkin. Shoir yana bir she’rida sevgi to‘g‘risida so‘z yuritib shunday yozadi:
Yomg‘ir tinmay yog‘di kun bo‘yi
Yomg‘irli kun kabi ezildi dardim.
Yaydoq ko‘chalarda jim yurgan ko‘yi
Sening izlaringni axtardim.

Endi sen tutmassan aslo qo‘limdan,
O‘lgan sevgim uchun ochmassan aza.
Oh qanday o‘lim bu, sevgi o‘limi,
Unga na qabr bor va na janoza.
Dillardagi qoliplarga quyilib qolgan bu satrlar shoirning tuyg‘ularga boshqalar ko‘rmaydigan uchinchi ko‘z bilan qarashini ko‘rsatadi. Inson bu dunyoni tark etganda o‘lgan hisoblansa, sevgi ko‘ngil qasrini tark etganda o‘ladi. Qo‘llar qo‘llardan, dillar dillardan abadiy uzilganda sevgi o‘z o‘limini qarshilaydi. Farqi shundaki, insonlarni yig‘lab kuzatishadi, xotirlash uchun qabrlarini ziyorat qilishadi. Lekin sevgi-chi, qalblarda o‘lib, ko‘ngillarda mangu qo‘nim topadi. Yillar changi bosib ketsa, eslanmaydi ham. Insonni hayotda tutib narsaning oxir borar joyi, so‘nggi shunday bo‘ladi. Qanday dahshat! Qalblarni titratib yuboradigan bu holat uchun bunday yaxshiroq ta’rifni topishning iloji bo‘lmasa kerak.
Shoirning “Kuz manzaralari” she’ri ham tabiat tasviri ta’rifida yozilgandek tuyulsa-da, aslida shoir kuzatuvchanligining go‘zal namunasi sifatida o‘tmish zarvaraqlariga muhrlangan muhabbat tavsifi sifatida jaranglaydi. Kuz tasvir obyekti etib tanlanishi ham visol yuzini ko‘rmay, erta so‘ngan muhabbat ramzini ifodalash uchundir. Kuzgi barglarni shoir yurakdan to‘kilgan olovga, kuzgi mezonlarni chuvalgan so‘ngsiz o‘ylarga, kuzning siniq nurli quyoshini olis yoshlikda qolgan muhabbatga qiyos qilishi shoir tabiat tasvirini sevgi tufayli qalb devorlarida aks etgan chizgilar bilan birlashtirib, ajoyib san’at asari yaratganligini ko‘rsatadi. Abdulla Oripovning san’atkorligini yuqoridagi kabi tabiat tasvirlariga qalam bilan yangicha ruh berganligida, boshqa narsa va hodisalarni yangicha talqin etganligida ham ko‘rish mumkin. Shoirning mahorati shundaki, u hodisalarning boshqalar ko‘rmagan yoki ko‘rgan bo‘lsa ham payqamagan jihatlarini o‘ziga xos tarzda aks ettira oladi. Shoir iste’dodi nazarining o‘tkirligi, tuyg‘ularning nozikligi, hissiyotning teranligida ko‘rinadi. Ko‘klamda o‘rik g‘o‘ralarini hamma ko‘rgan, barcha bolalar, ayniqsa qizlarning unga ishqibozligi azaldan ma’lum. Ammo faqat chin shoirgina unda hayotni davom ettirish nishonasi borligini ko‘ra biladi: “Dilbar kelinchakning ko‘ksida g‘ulu Zardoli shoxiga tashlar ko‘z qirin”. Ikki yangi hayot birligining o‘ziga xos tasviri o‘quvchini ta’sirlantirmay qo‘ymaydi. “Oyoqlangan qo‘ziday dovdirar yelda maysa”, deb yozadi shoir. Bahorgi yangi maysa tasviri ajoyib tashbeh asosida ochib beriladigan boshqa ash’or bo‘lmasa kerak.
“Eng xavfli dunyoqarash dunyo ko‘rmaganlarning dunyoqarashidir”, deyishadi. Ijodkor kuzatuvchanligining yuksak namunasi sifatida dunyoga kelgan “Tilla baliqcha” she’rida ham o‘zi yashayotgan muhitni dunyo deb bilib yashaydigan dunyo ko‘rmagan dunyoqarash egalarini loyqa hovuzdagi baliqchaning ahvoliga qiyoslaydi. Bunday kimsalarning taqdiri yaxshi bo‘lmasligini tushungan holda
Menga alam qilar, tilla baliqcha,
Bir ko‘lmak hovuz deb bilar dunyoni…
deya she’riga yakun yasaydi. Bunda shoirga haqiqatdan ham alam qiladigan jihat “tilla” inson bo‘lsa-da ko‘lmak muhitga o‘rganib qolgan insonlar taqdiridir.
“Temir odam” she’rida esa shoir insonlarning tosh qotib borayotgan ko‘nglini qalamga olar ekan, tosh qalblar ko‘payotgan zamonda robotlarni emas, temir qalblarni eritish yo‘llarini olimlar topishsa yaxshi bo‘lardi, deya afsus chekadi:
…Temir odam yasab yurguncha, ko‘proq
“Jonli temir”larni o‘ylangiz, ustoz…
Xulosa qilib shuni aytish mumkinki, Abdulla Oripov she’rlaridagi fikriy teranlik, badiiy mukammallik, ma’noviy va so‘z kashfiyotlari, badiiy vositalardan o‘rinli foydalanish natijasida hayotiy kuzatishlar asosida yuzaga kelgan quyma, qalblarning tubidan o‘rin olgan satrlar ko‘ngillar to‘ridan joy olib ularga nur olib keladi. Bu she’rlar yosh tanlamaydigan, makon bilmaydigan, zamonlar chig‘irig‘idan o‘ta oladigan, ko‘ngillarni birdek oziqlantiradigan, ezgulik ulashadigan asarlardir. Onamning aytishlaricha, yoshligimda menga alla aytish o‘rniga Abdulla Oripov she’rlarini o’qib berishar ekan. Menga alla bo‘lib singan bu satrlar hayotim davomida hamroh bo‘ldi, yo‘llarimni adabiyot tomonga burgan. Buning uchun ushbu satrlar egasidan minnatdorman.
Insonlar vafot etgandan so‘ng ularni xotirlash uchun ularning qabrlariga borishadi, xotirlashadi. Shoir aytganday inja tuyg‘ular, sevgining qabri, balki, yo‘qdir. Lekin men ishonch bilan ayta olamanki, Abdulla Oripovning qabri faqatgina Toshkentda emas. Har bir she’riyat ixlosmandlarining qalbida, eng chuqur yerda joylashgan. Shoirning she’rlari esa hech qachon o‘lmaydi, hech qachon eskirmaydi. Chunki ularda asrlarga tatigulik mavzular ko‘tarilgan, butun insoniyatning taqdiriga, abadiyatga dahldor bo‘lgan jihatlar qalamga olingan. Shoir mana shu qalam vositasida qalblarda ash’oridan haykal bunyod etib ketgan.
Usmonova Iroda,
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent
davlat o‘zbek tili va adabiyoti
universiteti talabasi