❗️O‘zbekistonda nodavlat OTMlar faoliyatini litsenziyalashning qo‘shimcha shartlari belgilandi
Bu bo‘yicha Vazirlar Mahkamasining “Respublikada nodavlat ta’lim xizmatlari sifatini oshirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 403-sonli qarori qabul qilindi.
Unga ko‘ra, litsenziyalashning qo‘shimcha shartlari quyidagilardan iborat:
🔹 talabgor tomonidan tashkil etilayotgan oliy ta’lim tashkilotining konsepsiyasi taqdim etiladi;
Konsepsiyada quyidagilar ko‘rsatiladi:
▪️ ta’lim tashkilotining nomi;
▪️ maqomi;
▪️ boshqaruv tizimi va kadrlari;
▪️ asosiy ta’lim va ilmiy faoliyat yo‘nalishlari;
▪️ qabul parametrlari;
▪️ ta’lim sifatini ta’minlash tizimi va vositalari;
▪️ to‘lov-kontrakt miqdori va uning hisob-kitobi;
▪️ ta’lim tashkilotini rivojlantirish bo‘yicha 5 yillik strategik rejasi;
▪️ ta’lim tashkiloti faoliyatiga oid boshqa muhim masalalar.
🔹 talabgor tomonidan nodavlat oliy ta’lim tashkilotining ta’lim jarayoni bilan bevosita bog‘liq bo‘lgan moddiy-texnik baza, dasturiy ta’minotni o‘z ichiga olgan dastlabki ustav fondi (ustav kapitalini) 2 mln AQSH dollari ekvivalentidan kam bo‘lmagan miqdorda shakllantiradi;
Keyinchalik talabalar sonining ko‘payib borishiga mutanosib ravishda ustav fondi oshirib boriladi;
🔹 Talabgor tomonidan 350 ming AQSH dollari ekvivalentidagi mablag‘lar tijorat banklaridagi depozitlarga zaxiraga joylashtiriladi;
🔹 Tashkil etilayotgan oliy ta’lim tashkilotining ta’lim jarayoniga mo‘ljallangan bino va inshootlari maydoni 5 ming kv/metrdan kam bo‘lmasligi lozim. Bunda bino universitetning o‘z mulki bo‘lishi shart emas, kamida 5 yil muddatga tuzilgan ijara (tekin foydalanish) shartnomasi asosida ish boshlash ham mumkin;
🔹 Oliy ta’lim tashkiloti tashkil etilgan vaqtdan boshlab dastlabki 5 yil davomida uning yillik sof foydasining kamida 80 foizi, keyingi yillarda esa kamida 50 foizi mazkur ta’lim tashkilotining asosiy faoliyatini rivojlantirishga yo‘naltiradi.
🗓 Ushbu qaror rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran uch oy o‘tgach kuchga kiradi.
❗️Qaror kuchga kirgunga qadar litsenziya olgan tadbirkorlik subyektlari 2026-yil 1-yanvarga qadar o‘z faoliyatini yangi litsenziya talablari va shartlari asosida tashkil etishi lozim.
@Huquqshunos_yordami